"ECO-HYGIENIC" KORXONASI MUSTAQILLIKNING 35 YILLIGIGA MUNOSIB TUHFA TAYYORLAMOQDA!
2026-06-20 19:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova Ohangaron shahridagi o‘rganishlar doirasida hududning yirik sanoat quvvatlaridan biri bo‘lgan "ECO-HYGIENIC" MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
2019-yilda ishga tushirilgan va zamonaviy gigiyenik vositalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona shaharda aholi bandligi va eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi:
- hozirgi kunda korxonada 75 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, unda mahalliy aholi, xususan, xotin-qizlar mehnat qilmoqda.
- korxona yiliga 75 milliard so‘mlik yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
- korxona mahsulotlari qo‘shni davlatlar bozorini dadil egallab kelmoqda. Hozirgacha Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlariga jami 400 ming dollarlik eksport amallari muvaffaqiyatli bajarildi.
"ECO-HYGIENIC" MChJ rahbariyati o‘z faoliyatini yanada kengaytirish ustida jadal ish olib bormoqda. Ayni paytda yangi bosqichlar uchun maxsus texnika va zamonaviy apparat vositalarini montaj qilish ishlari qizg‘in ketmoqda. Yangi loyiha qiymati ikki bosqichda amalga oshiriladi, 1-bosqichda 5.8 mln dollar va 2-bosqichda 4 mln dollar qo'shimcha investitsiyalar kiritilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan korxonaning qo‘shimcha binosi qurib bitkazilmoqda. Ushbu yangi quvvatlarning ishga tushirilishi arafasida yana 60 nafar xotin-qizlarning doimiy bandligi ta’minlanadi.
Bosh vazir o‘rinbosari montaj jarayonlari va xotin-qizlar uchun yaratilayotgan mehnat sharoitlari bilan tanishib, korxonaning Ohangaron iqtisodiyoti va xotin-qizlar bandligini ta’minlashdagi faol tashabbuslarini yuqori baholadi hamda yangi binoni bayram arafasida muvaffaqiyatli ishga tushirish bo‘yicha zarur tavsiyalarni bildirdi.



