Birlik mahallasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi
2026-06-17 18:55:00 / Yangiliklar

Bugun, 17-iyun kuni Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov, shahar prokurori Mahmud Umarov hamda shahar Davlat soliq inspeksiyasi rahbari Botir Axmedov ishtirokida Birlik mahallasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan 15 nafardan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning asosiy qismini uy-joy masalalari, moddiy yordam, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minoti, ishga joylashtirish hamda yoshlarning kontrakt to‘lovlarini qoplash bilan bog‘liq masalalar tashkil etdi.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan BSKlar faoliyatidan norozilik, uy-joylarni ta’mirlash va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham murojaatlar bildirildi.
Sayyor qabul jarayonida murojaatlar mas’ul tashkilotlar va soha mutaxassislari ishtirokida joyida o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Ayrim masalalar yuzasidan fuqarolarga amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish hamda vaqt talab etadigan murojaatlar tegishli soha rahbarlariga biriktirilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Sayyor qabul yakunida shahar hokimi hududdagi mavjud holatni ham o‘rgandi. O‘rganish davomida obodonlashtirish ishlari, chiqindilarni bartaraf etish, bolalar maydonchasini rekonstruksiya qilish, shuningdek, yoshlar uchun voleybol va basketbol maydonchalarini barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, aholi tomonidan ko‘tarilgan ayrim masalalar joyiga chiqib ko‘zdan kechirildi hamda ularni belgilangan muddatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.




