Investitsiya forumi doirasida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
2026-06-17 09:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Nufuzli xalqaro maydon dunyoning turli mamlakatlaridan investorlar, yirik biznes vakillari, xalqaro moliya institutlari hamda rivojlanish tashkilotlarini bir platformada jamladi.
Mazkur forum O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini keng namoyon etish, yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur xalqaro anjuman doirasida Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov hamda hokim o‘rinbosari Mirolim Mirkamolov xorijiy investorlar bilan shahar iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bir qator muhim va natijali uchrashuvlarni o‘tkazdilar.
Xususan, uchrashuvlarda Buyuk Britaniyaning “EASTERN NATURAL GROUP” kompaniyasi ijrochi direktori Dmitry Sugian Shylon, Xitoyning Nanjing Hanrui Cobalt Co., Ltd kompaniyasi xorijdagi bosh menejeri Zhang Huan hamda Chexiyaning “GLOBAL MINING SOLUTIONS” kompaniyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nahornyi Dmytro ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, “EASTERN NATURAL GROUP” kompaniyasi tog‘-kon sanoatida qazib olish va qayta ishlash yo‘nalishida yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan nufuzli xalqaro kon-metallurgiya kompaniyasi hisoblanadi.
Shuningdek, Nanjing Hanrui Cobalt Co., Ltd kompaniyasi shamol elektr stansiyalari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish sohasidagi yirik kompaniyalardan biri sanaladi.
Bundan tashqari, “GLOBAL MINING SOLUTIONS” kompaniyasi tog‘-kon sanoatida foydalaniladigan texnologik uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya sifatida e’tirof etiladi.
Muloqotlar davomida tomonlar foydali qazilmalarni qayta ishlash, shamol energetikasi uchun zarur uskunalarni ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Shuningdek, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi amaliy qadamlarni belgilash, texnik va moliyaviy jihatlarni birgalikda ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, istiqbolli loyihalarni keyingi bosqichga olib chiqish hamda amaliy muloqotni yanada faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.



