“Jahon chempionati — 2026” o‘yinlarini birgalikda tomosha qilish uchun tayyorgarlik ishlari boshlandi
2026-06-09 18:50:00 / Yangiliklar

Futbol bo‘yicha “Jahon chempionati — 2026” musobaqalarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni aholi bilan birgalikda tomosha qilish hamda terma jamoamizni markazlashgan holda qo‘llab-quvvatlash maqsadida tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Bugun shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov boshchiligida sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida Shahar Madaniyat va istirohat bog‘idagi Amfiteatr hududida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida yaqinlashib kelayotgan “Jahon chempionati — 2026” futbol o‘yinlarini aholiga qulay va xavfsiz muhitda jamoaviy tomosha qilishni tashkil etish, milliy terma jamoamizni munosib qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, hududni obodonlashtirish, tomoshabinlar uchun qulay sharoit yaratish, texnik imkoniyatlarni tayyorlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Amfiteatr hududida futbol muxlislari uchun bayramona va ko‘tarinki ruhdagi muhit yaratish, zarur tashkiliy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.



