Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov shahrimizdagi barcha umumta’lim maktablarining bitiruvchi o‘quvchi-yoshlariga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi.
2026-05-25 12:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli bitiruvchilar!
Qadrli ustozlar, ota-onalar va aziz yoshlar! Bugun sizlar uchun hayotingizdagi unutilmas, hayajonli va mas’uliyatli kunlardan biri. Maktab ostonasidan mustaqil hayot sari dadil qadam qo‘yayotgan siz - aziz bitiruvchilarni 25-may - “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Yillar davomida olgan bilim va tarbiyangiz, ustozlaringizning fidokorona mehnati, ota-onangizning duosi va mehr-muhabbati sizlarni bugungi kamolot sari yetakladi. Endi esa oldingizda katta imkoniyatlar, ulkan maqsadlar va yangi marralar turibdi. Sizlar — Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni, xalqimizning ishonchi va tayanchi bo‘lasizlar. Qaysi sohani tanlamang, Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladigan, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar inson bo‘lib yetishishingizga ishonaman.
Aziz yoshlar!
Hayot yo‘lingiz doimo yorug‘ va omadli bo‘lsin. Qalbingizdagi orzu-intilishlar sizni doimo ezgu maqsadlar sari boshlasin. Ota-onangiz va ustozlaringiz ishonchini oqlab, Ohangaron shahri sha’ni va nufuzini yanada yuksaltiradigan farzandlar bo‘lib kamol toping. Fursatdan foydalanib, sizlarga ta’lim va tarbiya berayotgan ustozlarga ham chuqur minnatdorlik bildiraman. Farzandlari kamolini ko‘rib turgan ota-onalarga esa sihat-salomatlik va xonadonlariga fayz-u baraka tilayman.
Yana bir bor barcha bitiruvchilarni “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan tabriklayman!
Kelgusi hayotingizda ulkan zafarlar, baxt va omad hamisha hamrohingiz bo‘lsin!
