Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!
2026-05-25 09:10:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi, Ohangaron shahri maktablarida ham kelajak sari dadil qadam qo‘yayotgan, Yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etuvchi bunyodkor yoshlar uchun “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jarangladi.
Shu munosabat bilan shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov hamda shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Murodjon Darxonov shahrimizdagi 2-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tantanali tadbirda ishtirok etdilar.
Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov katta hayotga qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarni samimiy muborakbod etib, ularga yuksak ishonch bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini tantanali ravishda o‘qib eshittirdi.
2025–2026-o‘quv yilining yakunlanishi minglab yoshlar hayotida yangi va mas’uliyatli bosqichning boshlanishi bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu o‘quv yilida mazkur maktabning 9-sinfini 113 nafar, 11-sinfini esa 23 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli tamomladi.
Tadbir davomida yil bo‘yi a’lo baholari, namunali xulqi va ijtimoiy faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, farzand tarbiyasida alohida jonbozlik ko‘rsatgan ota-onalarga shahar hokimligi va maktab ma’muriyati tomonidan “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona” hamda “Mas’uliyatli ota-ona” nominatsiyalari va esdalik sovg'alari topshirildi.




