Ohangaron shahrida “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
2026-05-14 14:50:00 / Yangiliklar
Bugun, 14-may kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahrida “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazma Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Olmaliq KMK” AJ hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazildi.
Ko‘rgazma tog‘-kon sanoati va metallurgiya yo‘nalishida tashkil etilib, unda 135 ta korxona, 1 500 nafardan ortiq tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yirik sanoat korxonalari hamda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek tadbirkorlarni davlat xaridlari tizimiga yanada keng jalb etishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida ishtirokchilar o‘z mahsulotlari va imkoniyatlarini namoyish etib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordilar.
