Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimovning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-05-09 07:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz hamshaharlar, muhtaram nuroniylar va faxriylar!
Barchangizni kirib kelayotgan yurtimiz hayotidagi qutlug‘ va ulug‘ sana — 9 may — Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Bu sana — Vatan ozodligi va xalqimiz tinchligi yo‘lida jon fido qilgan yurt farzandlarini yod etish, front ortida mashaqqatli mehnat qilgan insonlarga ehtirom ko‘rsatish, keksa avlodga hurmat va e’zoz timsolidir.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Ohangaron zaminidan ham minglab yurtdoshlarimiz frontga yo‘l olgan, orqada qolgan ota-onalar, ayollar va yoshlar esa tunni tun, kunni kun demay mehnat qilib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan. Ularning jasorati, matonati va Vatanga sadoqati bugungi tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam poydevoridir.
Biz bugun faxriylarimiz, mehnat fronti qatnashchilari va nuroniylarimizni har qancha e’zozlasak arziydi. Ularning hayot yo‘li yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Aziz yurtdoshlar!
Xotira — muqaddas, qadr — aziz. Inson qadri ulug‘langan yurtimizda keksa avlod va faxriylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning duosini olish ezgu an’anamiz bo‘lib qolaveradi.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Xotira va qadrlash kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar hokimi
