Ohangaron jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi
2026-02-18 18:05:00 / Yangiliklar

Ohangaron shahar hokimi S. Shoqosimov, shahar prokurori M. Umarov, shahar IIB boshlig‘i S. Kamilxanov, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i M. Darxanov hamda sektor rahbarlari boshchiligida Ohangaron jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida muborak Ramazon oyida masjidga tashrif buyuruvchi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, namoz vaqtlarida fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish hamda tezkor xizmatlarning shay holatda bo‘lishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, masjid hududida jamoat tartibini ta’minlash, transport vositalarini tartibli joylashtirish, aholi uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish yuzasidan mas’ul idoralarga topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, Ramazon oyini osoyishta va xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.



