Ochiq muloqot
2026-02-17 16:55:00 / Yangiliklar

Bugun Respublika ishchi guruhi hamda Ohangaron shahar hokimligi tashabbusi bilan “Adolat” mahallasi hududidagi 1-sonli umumta’lim maktabida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbir davomida Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati tadbirkorlarga atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun qonunchilikda belgilangan imkoniyat va imtiyozlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy va institutsional ko‘maklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir jarayonida shahrimizdagi mavjud imkoniyatlar, bo‘sh turgan bino-inshootlar, zahiradagi yer maydonlari hamda yangi investitsion loyihalar bilan tadbirkorlar tanishtirildi. Ulardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tadbirkorlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni qiynab kelayotgan muammolar ochiq muhokama qilindi. Ayrim masalalar joyida hal etilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha shahar hokimi tomonidan mas’ul tashkilot rahbarlari va mutasaddi xodimlarga aniq topshiriqlar berilib, murojaatlarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish, shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan bir guruh tadbirkorlar rag‘batlantirildi. Korxona rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z faoliyati va istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berdilar.
Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, yakunda shahar hokimligi tomonidan bir guruh faol tadbirkorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.



