Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimovning shahar aholisiga MUROJAATI
2026-02-12 13:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Barchangizga ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani yo‘lladilar.
Yurtboshimizning mazkur Murojaatnomasi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari faoliyati uchun muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Unda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalq farovonligini oshirish, jamiyat va davlatni global iqtisodiy murakkab sharoitda ham barqaror rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar aniq belgilab berilgan.
Ayniqsa, Prezidentimiz Murojaatnomasi bir yillik Davlat dasturidan farqli o‘laroq, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsad va vazifalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu Murojaatnoma bir qator xususiyatlari bilan avvalgi Murojaatnomalardan farq qiladi:
birinchidan, so‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar chuqur va xolis tahlil qilindi;
ikkinchidan, 2026-yilga mo‘ljallangan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat aniq dastur taqdim etildi;
uchinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi ilgari surildi;
to‘rtinchidan, 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.
Qadrli hamshaharlar!
Shahar rahbari sifatida Sizlarga murojaat qilar ekanman, Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan 6 ta ustuvor yo‘nalishdan kelib chiqqan holda, 2026-yilda Ohangaron shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
1. Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish yo‘nalishida:
2026-yilda shaharda mahallalar infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida, 18 ta mahallada 9000 m2.dan ortiq uzunlikdagi ichki ko‘chalar ta’mirlanadi. Hozirda 14.8 km oqova suv quvuri tarmog‘i tortildi. Shuningdek, joylarda 14 ta suv nasosi yangilanadi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida esa mahallalarda 3 ta transformator, 300 ta temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, 12.5 km. uzunlikdagi elektr simlarini tortish ishlari olib boriladi.
Bundan tashqari, Adolat mahallasiga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish uchun 2,4 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan.
2026-yilda “Tashabbusli byudjet”ning ikki mavsumida g‘olib deb topilgan loyihalarga jami 15 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, 2026-yil investitsiya dasturiga muvofiq, 15 ta loyiha doirasida 692,6 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshiriladi.
2. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish yo‘nalishida:
2026-yilda 8 ta loyiha doirasida 115 mln. dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilishi hamda 588 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Bu borada shahrimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,11 trln. so‘m, xizmat ko‘rsatish hajmi 1,18 trln. so‘m, qishloq xo‘jaligi sohasida 88,4 mlrd. so‘m, qurilish yo‘nalishida esa 548,7 mlrd. so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
3. Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish yo‘nalishida:
Aholining xarid qobiliyatini oshirish, mahalliy mahsulotlar ulushini kengaytirish va narx-navo barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarimizni belgilangan reja asosida davom ettiramiz. Bu borada 12 ta tadbirkorlik subyektini qo‘llab-quvvatlash orqali, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarni ichki bozorga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
4. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish yo‘nalishida:
Shaharda 2026-yil yakuniga qadar 1 154 nafar aholining doimiy bandligi ta’minlanadi, 5 400 nafar aholining daromadlari oshirilib, 1 096 nafar aholining norasmiy bandligi rejalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, hozirgi kunda mahallada yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha “og‘ir” toifadagi 156 nafar ishsiz yoshlarni 19 ta korxona va tashkilot rahbarlari hamda hokim o‘rinbosarlariga biriktirildi.
Bugungi kunga kelib, 156 nafar ishsiz yoshlarning barchasi bilan 100 foiz uchrashuv o‘tkazildi. Shundan, 13 nafari doimiy ishga joylashgan, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 8 nafariga kredit ajratilgan, 4 nafari norasmiy migratsiyaga ishlash uchun ketgan, 1 nafari haydovchilik yo‘nalishida o‘zini-o‘zi band qilib litsenziya olgan, 1 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirdi, 1 nafari YATT ochtirgan holda bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, 485 nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish belgilangan.
Bundan tashqari, mahallalarda 5 ta xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish rejaga qo‘yilgan.
Mehnat bozorida jami 1 362 ta (xususan, investitsion loyihalar doirasida 588 ta, xizmat ko‘rsatish va servis loyihalari doirasida 564 ta va qurilish sohasida 210 ta) yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
5. Ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida:
Bu yil ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlari davom ettiriladi. Jumladan, shahrimiz hududida joriy yilda 73 ming dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish yo‘nalishida shaharda 2956 kVt. quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.
6. Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida:
Ohangaron shahrida zamonaviy davlat boshqaruvini joriy etish va adolatli sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida 2026-yilda aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilab olingan. Mazkur ishlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan.
Jumladan, davlat boshqaruvini raqamlashtirish doirasida shahar hokimligi va unga qarashli tashkilotlarda davlat xizmatlarining kamida 90 foizini elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu orqali aholi va tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatish muddatlari o‘rtacha 50 foizga qisqartiriladi. Davlat xizmatlari markazi orqali 2026-yil davomida shahar aholisiga 22 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish maqsadida, shahar hokimligi tomonidan yil davomida kamida 12 ta ochiq muloqot, 37 ta sayyor qabul o‘tkazish rejalashtirilgan.
Adolatli sud-huquq tizimini ta’minlash yo‘nalishida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, mahallalarda 100 dan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida huquqiy seminar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha barcha mahallalarda profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida, shahar hokimligida ijro hujjatlarini nazorat qilishning elektron tizimi takomillashtirilib, muddatida bajarilgan topshiriqlar ulushini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Hurmatli hamshaharlar!
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va eng avvalo, Siz – faol fuqarolarning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali Ohangaron shahrini yanada obod, taraqqiy etgan va farovon hududga – Yangi O‘zbekiston qiyofasi aks etgan makonga aylantiramiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik-osoyishtalik va oilaviy farovonlik tilayman!
Sadriddin Shoqosimov, Ohangaron shahar hokimi.
