Mas’uliyat, tizimli nazorat va aniq topshiriqlar – ijro samaradorligining asosi
2026-02-02 17:45:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov boshchiligida joriy yilning ilk “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bilan manzilli ishlash hamda dolzarb muammolarni bartaraf etish masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Kun tartibidagi birinchi masala — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 173-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan Ohangaron shahrida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarining borishi muhokama qilindi. Xususan, ushbu jarayonda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mahallalar, mahalla “yettiligi” vakillari hamda mas’ullarning faoliyati tanqid ostiga oldi. Mahallalar kesimida natijadorlikni oshirish, onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sh. Abdusattorovga aniq topshiriqlar berildi.
Ikkinchi masala — shaharda mavjud muammoli kreditlarni undirish holati atroflicha ko‘rib chiqildi. Kredit intizomini mustahkamlash, qarzdorlikni qisqartirish, banklar va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidladi. Bu borada sust ishlayotgan mas’ullarga nisbatan choralar ko‘rish, har bir holat bo‘yicha manzilli ish olib borish vazifasi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sh. Abdusattorovga yuklatildi.
Uchinchi masala — “Otaliqqa olingan yoshlar” bilan olib borilayotgan ishlar, korxona va tashkilot rahbarlarining biriktirilgan yoshlar bilan individual ishlash holati yuzasidan muhokama qilindi. Ayniqsa, ishsiz yoshlar bilan bandlik masalalari tanqidiy ko‘rib chiqilib, amaliy natija bermayotgan yondashuvlar keskin tanqid qilindi. Shahar hokimi o‘rinbosari B. Adizovga har bir yosh kesimida aniq reja asosida ishlash topshirildi.
To‘rtinchi masala — 2025-yilgi “Tashabbusli budjet” dasturi ijrosi hamda 2026-yilgi dasturga kiritiladigan loyihalar yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi. Loyiha tanlashda aholining real ehtiyojlari, ijtimoiy ahamiyat va shaffoflik mezonlariga qat’iy amal qilish lozimligi bo'yicha shahar hokimi qurilish masalalari bo'yicha o‘rinbosar S. Ne’matxonovga topshiriq berdi.
Beshinchi masala — ajrim yoqasidagi oilalar bilan olib borilayotgan ishlar hamda aliment to‘lovlarini undirish holati yuzasidan atroflicha tahlil qilindi. Ijtimoiy muammolarni erta aniqlash, oilalarni saqlab qolish, bolalar manfaatini ustuvor qo‘yish zarurligi ta’kidladi. Bu masalalar yuzasidan shahar hokimi xotin-qizlar masalalari bo'yicha o‘rinbosari K. Usmanova vazifalar belgilab berdi.
Shahar hokimi tomonidan ijro intizomini kuchaytirish, topshiriqlarning qog‘ozda emas, amaliy natija bilan ta’minlanishi lozimligi qat’iy ta’kidlandi. Ushbu topshiriqlarni o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi bo‘yicha qat’iy topshiriqlar belgiladi. Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash ustidan kundalik nazorat o‘rnatilishi belgilandi.







