Jamiyatda ayollar o‘rni yanada mustahkamlanmoqda
2025-10-23 10:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Ohangaron tumanida jami 48 ming 430 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Ulardan 18 ming 400 nafardan ortig‘i turli sohalarda faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, sanoat va ishlab chiqarish sohasida – 6 ming nafardan, savdo-xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy sohalarda – 9 ming nafardan, ta’lim tizimida – 1 200 nafardan, tibbiyot tizimida – 1 100 nafardan ortiq, boshqaruv tizimida – 350 nafardan ortiq xotin-qizlar samarali mehnat qilmoqda. Shuningdek, Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi deputati safida 10 nafar, tadbirkorlik sohasida 160 nafar ayol faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, tumanda 4 138 nafar oila bekalari, 7 nafar otinoyi, 34 nafar xotin-qizlar faoli, 6 nafar IIB xodimi bor. Oliy ta’lim muassasalarida 1 646 nafar xotin-qiz tahsil olmoqda, 7 500 nafardan ortiq onaxonlar esa pensiya yoshida.
“Ayollar daftari” orqali manzilli yordamlar ko‘rsatildi
Ohangaron tumanida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga jami 3 250 nafar xotin-qiz kiritilgan bo‘lib, ularning barchasiga amaliy yordamlar ko‘rsatildi (reja 100 foizga bajarilgan). Toifalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 1-toifadagi – ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1 659 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 2-toifa – tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 606 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 145 nafariga imtiyozli kredit ajratildi. 461 nafariga esa biznes-loyiha tayyorlashga ko‘maklashildi. 3-toifa – 369 nafar boquvchisi yo‘q xotin-qizlarga moddiy yordam berildi. 4-toifa – nogironligi bor va tibbiy yordamga muhtoj 385 nafar xotin-qizlarga ham moddiy yordam berildi. 5-toifa – uy-joyga muhtoj xotin-qizlar bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritilganlar mavjud emas, 6-toifa – qaramog‘ida nogiron farzandi bor 231 nafar xotin-qizga ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
Jamiyatda ayollar o‘rni yanada mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi 103-sonli qaroriga asosan, ehtiyojmand xotin-qizlarni psixologik qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 150 nafar xotin-qiz Bo‘stonliq tumanidagi “LIVENSTON” dam olish maskaniga yuborildi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumanimizdagi 19 nafar xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi. Shuningdek, uzluksiz 5 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan 8 nafar xotin-qiz oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldi.
Joriy yil davomida bo‘lim tomonidan “Erta tug‘ruqning oldini olish”, “Qizlarjon klubi”, “Buvijonlar maktabi”, “To‘ylar haqida o‘ylar”, “Huquqiy targ‘ibotlar”, “Sog‘lom turmush tarzi” kabi ko‘plab targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar o‘z samarasini berib, oilaviy ajrimlar soni kamaydi. 2025-yilning 9 oyi davomida tumanda 93 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamayganini anglatadi.
Xotin-qizlar bandligi va murojaatlar hal etilmoqda
2025-yilning birgina sentyabr oyining o‘zida 1 286 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 483 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 803 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
O‘tgan 9 oy davomida O‘zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonasi va boshqa manbalar orqali tumanimiz xotin-qizlari tomonidan 58 ta murojaat yo‘llangan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 56 tasi qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqildi, ularning ayrimlari qanoatlantirilgan bo‘lsa, ba’zilariga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Yo‘llangan 2 ta murojaat vaqt talab qilganligi bois nazoratga olindi.
Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurash olib borilmoqda
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ularning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq xotin-qizlarning huquqlari himoyalangan. Biroq, hali hamon xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashmoqda. Tumanimizda joriy yil davomida 498 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berildi. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularga huquqiy yordamlar ko‘rsatildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tumanimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida ayollarning ijtimoiy faolligi ortib, iqtisodiy mustaqillikka erishayotgan xotin-qizlar soni yil sayin oshmoqda.
Sevara DЕHQONOVA, tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
