Ohangaronda 2 milliard dollarlik “Aqlli shahar” loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda
2026-11-19 11:20:00 / Yangiliklar

Mazkur memorandumga muvofiq, Ohangaron tumanida zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga asoslangan «Aqlli shahar» (Smart City) loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu yirik investitsiyaviy loyiha tumanning kelgusi taraqqiyoti, infratuzilmasini modernizatsiya qilish va aholi uchun zamonaviy yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida shaharsozlik va infratuzilma sohalariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, davlat va kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli boshqaruv yechimlari orqali hududdagi turli jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv sifatini yaxshilash va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar qulayligini oshirish rejalashtirilmoqda.
Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — sanoat va ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishdir. Xususan, Janubiy Koreyaning jahon bozorida o‘z o‘rniga ega LG va Samsung kabi yirik kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish ham nazarda tutilgan.
Bu esa Ohangaron tumanida zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Umuman, «Aqlli shahar» loyihasi nafaqat infratuzilmani yangilash, balki Ohangaron tumanining iqtisodiy salohiyatini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Imzolangan memorandum ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning dastlabki muhim qadami bo‘lib, loyihaning keyingi bosqichlarida uning texnik, iqtisodiy va tashkiliy jihatlarini ishlab chiqish hamda amaliy chora-tadbirlarni belgilash nazarda tutiladi.




