YASHILLIK HAR BIR XONADONDAN BOSHLANADI!
2026-11-18 11:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumanimiz ahli!
Bugun yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhit musaffoligini asrash, yashil hududlarni kengaytirish va kelajak avlod uchun sog‘lom turmush muhitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi ham aynan shu ezgu maqsadlarga qaratilgan. Mazkur tashabbus nafaqat daraxt ekish, balki tabiatga munosabatimizni o‘zgartirish, obodlik va ekologik madaniyatni kundalik hayotimizga singdirishga qaratilgan umumxalq harakatidir.
Aziz tumandoshlar!
Men barchangizni «Yashil makon» umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida faol ishtirok etishga chaqiraman.
Avvalo, bir haqiqatni unutmasligimiz kerak: obodlik har bir xonadondan, yashillik esa har birimizdan boshlanadi. Shu bois ko‘chat ekish ishlarini faqat belgilangan jamoat joylari yoki ko‘chalar bilan cheklab qo‘ymasdan, har bir xonadon hovlisi, tomorqasi va uy-joy atrofidan boshlashimiz zarur.
Har bir oila o‘z hovlisiga kamida bir nechta mevali yoki manzarali daraxt ko‘chati eksa, bu nafaqat xonadon ko‘rkini oshiradi, balki butun mahallamizning ekologik qiyofasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Farzandlarimizga tabiatni asrash, daraxt ekish va uni parvarish qilish madaniyatini o‘z amaliy namunamiz orqali o‘rgataylik.
Shuningdek, tumanimizdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlaridan ham ushbu jarayonga alohida mas’uliyat bilan yondashishlarini so‘rayman. Har bir tashkilot o‘z binosi atrofidagi maydonlarni obodonlashtirishi, o‘ziga biriktirilgan hududlarda ko‘chat ekish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishi maqsadga muvofiq. Bunda ekiladigan ko‘chatlarning hudud iqlimi va tuproq sharoitiga mosligi, ularni sug‘orish va parvarishlash imkoniyatlari ham inobatga olinishi kerak.
Mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilikni ham bu xayrli tashabbus atrofida birlashishga chaqiraman. Zero, yashil hududlarni ko‘paytirish faqat biror tashkilot yoki mas’ul idoraning emas, balki barchamizning umumiy vazifamizdir.
Eng muhimi, ekilayotgan har bir ko‘chatning taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Ko‘chat ekish — xayrli ishning boshlanishi, uni parvarishlab, ko‘kartirish esa haqiqiy mas’uliyat namunasidir. Bugun ekkan daraxtimiz ertaga farzandlarimiz va nabiralarimiz uchun soya-salqin, musaffo havo va go‘zal tabiat bag‘ishlaydi.
Qadrli ohangaronliklar!
Keling, «Yashil makon» umummilliy loyihasida bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda ishtirok etaylik. Har bir xonadon, har bir tashkilot, har bir mahalla o‘z hissasini qo‘shsin. Tumanimizni yanada ko‘kalamzor, obod va yashash uchun qulay hududga aylantirish yo‘lida birgalikda harakat qilaylik.
Unutmaylik, bugun ekkan ko‘chatimiz — ertangi avlodga qoldiradigan eng go‘zal merosimizdir!
Hurmat bilan,
Bahrom NORQOBILOV,
Ohangaron tumani hokimi.
