Ohangaronda 100 million dollarlik avtozavod qurish loyihasi muhokama qilindi
2026-11-18 09:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda tumanning investitsiyaviy salohiyati, sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Ohangaron tumanida zamonaviy avtozavod barpo etish loyihasi bo‘ldi. Qiymati 100 million AQSH dollariga baholanayotgan mazkur loyiha doirasida yiliga 30 ming dona avtobus va mikroavtobus ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yer maydonini ajratish, uning joylashuvi va ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni atroflicha muhokama qildilar. Xususan, bo‘lajak korxonaning ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos hududni belgilash hamda loyihani amaliy bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xitoylik investorlar tomonidan "Ohangaron–Pop" yo‘nalishi bo‘ylab avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham ilgari surildi. Mazkur taklif yuzasidan ham fikr almashilib, yo‘lovchi tashish xizmatini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan taklif va tashabbuslarni chuqur o‘rganish, loyihalarning amaliy jihatlarini ishlab chiqish hamda hamkorlikni davom ettirish masalalariga kelishib oldilar.


