OHANGARON TUMANIDA «BIR VATAN — BIR EL — BIR BAYROQ!» SHIORI OSTIDA BAYRAM TADBIRI O‘TKAZILDI
2026-11-17 12:00:00 / Yangiliklar

18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab «BIR VATAN — BIR EL — BIR BAYROQ!» shiori ostida bayroq estafetasi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu umummilliy tadbir doirasida bugun Ohangaron tumanida ham tantanali marosim tashkil etildi.
Tadbirda tuman faollari, korxona va tashkilotlar vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimning eng muhim va ramziy lahzalaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i estafetasining Namangan viloyatidan qabul qilib olinishi bo‘ldi. Mustaqilligimiz, milliy g‘ururimiz va birligimizning muqaddas timsoli bo‘lgan bayrog‘imiz tuman jamoatchiligi tomonidan yuksak ehtirom va iftixor bilan kutib olindi.
Katta Davlat bayrog‘i tuman faollari, nuroniylar, yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali tarzda qabul qilinib, bayroq estafetasi paradi o‘tkazildi. Ushbu jarayon ishtirokchilarda Vatanga muhabbat, milliy ramzlarimizga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Estafeta tadbiridan so‘ng 31-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida bayrog‘imiz qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosari Jamshid Latipov so‘zga chiqib, tuman hokimi Bahrom Norqobilovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda Davlat bayrog‘ining mustaqilligimiz, milliy o‘zligimiz, xalqimizning orzu-intilishlari va umumiy maqsadlarimizni o‘zida mujassam etgan muqaddas ramz ekani, uni e’zozlash har bir fuqaroning sharafli burchi ekani ta’kidlandi.
Tadbirning madaniy qismida 31-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi, «Jasorat maktabi» hamda Sport maktabi o‘quvchilari o‘zlarining musiqiy, badiiy va sport chiqishlari bilan ishtirok etishdi. Yoshlarning chiqishlari bayram tadbiriga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ularning iste’dodi, iqtidori va Vatanga bo‘lgan mehrini namoyon etdi.









