XITOYLIK INVЕSTORLAR BILAN CHORVACHILIK SOHASIDAGI HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
2026-11-16 14:30:00 / Yangiliklar

Bundan bir necha kun avval Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qilib, chorvachilik sohasining bir qator yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borgan edi.
Bugun mazkur delegatsiya tarkibidagi boshqa bir guruh tadbirkorlar bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoydan O‘zbekistonga naslli chorva mollarini olib kelish, ularni mamlakatimizda ko‘paytirish va chorvachilik tarmog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida xorijiy investorlar o‘z taklif va tashabbuslarini bayon etib, naslli chorva mollarini yetkazib berish bilan bog‘liq loyihalarning tashkiliy va amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Tuman hokimi Bahrom Norqobilov Ohangaron tumanida chorvachilik sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun zarur imkoniyat va qulayliklar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, taklif etilayotgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda tuman hokimligi tomonidan investorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Muzokaralarda ilgari surilgan muhim takliflardan biri — Ohangaron tumani hududida maxsus karantin hududini tashkil etish masalasi bo‘ldi. Ushbu tashabbus amalga oshirilsa, Xitoydan olib kelinadigan naslli chorva mollarini belgilangan veterinariya-sanitariya talablari asosida karantindan o‘tkazish hamda keyinchalik tuman orqali mamlakatimizning boshqa hududlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Bunday yondashuv nafaqat Ohangaron tumanida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, balki hududning naslli chorva mollarini import qilish va taqsimlashdagi ahamiyatini ham oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni atroflicha o‘rganish, loyihalarning iqtisodiy va tashkiliy jihatlarini aniqlashtirish hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Xorijiy investorlar bilan bunday muloqotlar tumanda chorvachilik sohasini modernizatsiya qilish, naslchilik bazasini mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb etish va agrar tarmoqda qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar yaratish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.



