Davlat xizmatchisining mas’uliyati va ijro intizomi — samarali faoliyatning muhim mezoni
2026-11-13 09:55:00 / Majlislar

Ohangaron tumani hokimligida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy mas’uliyati va xizmat madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, tuman hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Eldor Anorboyev tomonidan hokimlik apparati xodimlari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda davlat organida belgilangan ichki mehnat tartibi qoidalariga qat’iy amal qilish, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etishi, xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarish hamda ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlat xizmatchisining faoliyati nafaqat zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, balki xizmat jarayonida yuksak mas’uliyat, halollik, xolislik va fuqarolarga nisbatan hurmat tamoyillariga amal qilishi bilan ham baholanadi. Xususan, xizmat vaqtidan samarali foydalanish, rahbariyat topshiriqlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga e’tibor bilan yondashish har bir xodimning kundalik faoliyatida ustuvor bo‘lishi lozim.
Shuningdek, xizmat odobiga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jamoada sog‘lom ish muhitini saqlash, xizmat va shaxsiy manfaatlar o‘rtasidagi chegaraga rioya etish hamda davlat xizmatchisining jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur anglash zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olinib, hokimlik apparati xodimlariga ichki tartib-qoidalar va xizmat intizomi talablariga qat’iy amal qilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.


