Mahallalardagi dolzarb vazifalar va ularning ijrosi muhokama qilindi
2026-11-11 12:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov rahbarligida mahalla raislari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahallalarda aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, xonadonlar daromadini ko‘paytirish hamda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda, avvalo, kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy muhokama qilindi. Bu borada har bir xonadonning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, daromad manbaiga ega bo‘lmagan fuqarolarni aniqlash, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, kambag‘allikni qisqartirish faqat moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmasligi, balki har bir oila uchun doimiy daromad manbaini yaratish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va aholining iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar orqali ta’minlanishi lozim. Bu jarayonda mahalla raislari, hokim yordamchilari va tegishli mas’ullarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, mahallalar hududida, ko‘cha va jamoat joylarida, shuningdek, aholi xonadonlarida daraxt ko‘chatlari ekish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumida ham aholi xonadonlaridagi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, «to‘qsonbosti» ekinlarini ekish orqali yerdan yil davomida unumli foydalanish, erta bahorda hosil olish va xonadonlar daromadini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mahalla raislariga xonadonlarda tomorqa yerlaridan foydalanish holatini o‘rganish, aholiga mavsumga mos ekin turlarini tanlash bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, urug‘lik va boshqa zarur resurslar bilan bog‘liq masalalarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman hokimi Bahrom Norqobilov muhokama qilingan har bir yo‘nalish bo‘yicha mahalla raislarining mas’uliyatini oshirish, belgilangan vazifalarni qog‘ozda emas, balki aholi xonadonlaridagi aniq natijalar orqali ta’minlash zarurligini ta’kidladi.



