Chorvachilik sohasida innovatsion yondashuvlar
2026-11-09 13:55:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida chorvachilik sohasini rivojlantirish, chorva mollari uchun ozuqa bazasini mustahkamlash va mahsuldorlikni oshirishda zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsion usullardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, tumanda faoliyat yuritayotgan «Agro Eko Farm» MCHJga qarashli chorvachilik kompleksida ozuqa yetishtirishning samarali usullaridan biri — gidroponika texnologiyasi asosida bug‘doy o‘stirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Gidroponika texnologiyasi — o‘simliklarni tuproqsiz, suv va zarur ozuqa moddalari yordamida yetishtirish usuli hisoblanadi.
Ushbu usulda bug‘doy donlari maxsus sharoitda ma’lum muddat davomida undirilib, yashil ozuqa holiga keltiriladi. Tayyor bo‘lgan ozuqa chorva mollarining kundalik ratsioniga qo‘shib beriladi. Bu esa an’anaviy ozuqa turlarini to‘ldirish, ratsionni boyitish va ozuqa tayyorlash jarayonida muqobil imkoniyatlardan foydalanishga xizmat qiladi.
Gidroponika usulining muhim jihatlaridan biri — ozuqa yetishtirish uchun katta yer maydonlariga ehtiyoj yo‘qligi, jarayonni nazorat qilinadigan sharoitda tashkil etish mumkinligi va yil davomida yashil ozuqa olish imkoniyati mavjudligidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ozuqaning chorva ratsionida me’yor asosida qo‘llanilishi oziqlantirish samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Ohangaron tumani hokimi o‘rinbosari Akmal Boyqobilov ushbu fermer xo‘jaligida bo‘lib, jarayon bilan tanishdi.





