HARBIY XIZMATCHILARGA KASB-HUNAR SЕRTIFIKATLARI TOPSHIRILDI
2026-11-06 11:20:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilarga kasb-hunar sertifikatlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, harbiy xizmatchilar tumandagi 2-son texnikumda dual ta’lim tizimi asosida tahsil olib, muayyan kasb va mutaxassisliklarni egallashdi. Mazkur ta’lim shakli nazariy bilimlarni bevosita amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, harbiy xizmat davomidayoq fuqarolik hayotida ham asqotadigan kasbiy malakani shakllantirish imkonini berdi.
Tadbirda Ohangaron tumani hokimi o‘rinbosari Jamshid Latipov ishtirok etib, tuman hokimining harbiy xizmatchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasb-hunar egallashi, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar ham yurtimizda yoshlarning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar, dual ta’lim tizimining amaliy ahamiyati xususida fikr bildirishdi. Xususan, harbiy xizmatchilarning xizmat vazifalarini bajarish bilan bir qatorda kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishi ularning kelgusi hayoti, mehnat faoliyati va jamiyatda munosib o‘rin egallashida muhim omil ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarga kasb-hunar sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu tashabbus yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur bilim hamda ko‘nikmalar bilan qurollantirishga qaratilgan ishlar amaliy ifodasidir.









