OHANGARONDA CHORVACHILIK INFRATUZILMASINI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA AMALIY SЕMINAR O‘TKAZILDI
2026-11-04 13:35:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilik yo‘nalishini kengaytirish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi «Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–322-sonli qarori ijrosi doirasida Ohangaron tumanidagi «Ohangaron Fazliddin Dovud» mas’uliyati cheklangan jamiyati fermer xo‘jaligida viloyat fermerlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov, viloyat hokimi o‘rinbosari Hurshid Qoraboyev, viloyat Chorvachilik va yaylov xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Ataullayev hamda viloyatning turli hududlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida Prezidentimizning mazkur qarorida belgilangan vazifalar, xususan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish, chorvachilik infratuzilmasini barpo etish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Qarorga muvofiq, umumiy paxta-g‘allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlarining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmaydigan qismida chorvachilik infratuzilmasini barpo etish uchun zarur sharoitlar yaratish belgilangan.
Shu maqsadda seminar ishtirokchilariga yengil konstruksiyali molxona qurish, chorva mollarini saqlash uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish, mavjud yer maydonlaridan maqsadli foydalanish hamda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida «Ohangaron Fazliddin Dovud» fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar, chorvachilik infratuzilmasini tashkil etish tajribasi va xo‘jalik faoliyatida qo‘llanilayotgan yondashuvlar ishtirokchilarga namoyish etildi. Xo‘jalikdagi amaliy tajribalar ommalashtirilib, fermerlar o‘rtasida o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyati yaratildi.
Seminarda chorvachilik sohasini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashda bunday amaliy tadbirlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.









