Yangi loyiha qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi
2026-11-03 14:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida qattiq maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik investitsiya loyihasining asosiy binosi qurilib, birinchi bosqich ishlari yakuniga yetkazildi. Shu munosabat bilan korxona hududida tantanali tadbir tashkil etildi.
«Yangi Hayot» mahallasi hududida barpo etilayotgan mazkur loyiha mamlakatimizda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, maishiy chiqindilarni samarali boshqarish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Tantanali tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, korxona vakillari, mas’ul tashkilotlar rahbarlari hamda loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan mutasaddilar qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Bahrom Norqobilov loyihaning tuman va mamlakat iqtisodiyoti, energetika sohasi hamda ekologik muhit uchun ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, energiya ta’minoti imkoniyatlarini kengaytirish va atrof-muhitga tushayotgan ekologik yukni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, bunday yirik investitsiyaviy loyihalar hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Loyihani amalga oshirish jarayonida tuman hokimligi tomonidan zarur tashkiliy masalalarni hal etish va kommunikatsiya infratuzilmasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatilgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida korxona vakillari loyihaning amalga oshirilish jarayoni, qurilish ishlarining borishi, ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar hamda kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martdagi PQ–116-son qarori doirasida Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 240 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilgan.
Korxona yiliga 912 ming tonna qattiq maishiy chiqindini termik qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, natijada yil davomida 390 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bu esa chiqindilarni faqat utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan maishiy qoldiq sifatida emas, balki qayta ishlash orqali iqtisodiy qiymat yaratish mumkin bo‘lgan resurs sifatida baholash imkonini beradi.
Loyihaning keyingi bosqichlarida texnologik uskunalarni o‘rnatish, tegishli montaj ishlarini amalga oshirish va ishlab chiqarish tizimini tayyorlash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Ushbu yirik investitsiya loyihasining to‘liq amalga oshirilishi chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, energetika resurslarini ko‘paytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va Ohangaron tumanining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.









