Mo‘g‘ulistondan "Bayat" zotli qo‘ylar olib kelish boshlandi
2026-10-12 08:55:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida chorvachilik sohasini rivojlantirish, nasldor chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va tarmoqdagi iqtisodiy samaradorlikni oshirish borasida amaliy ishlar boshlandi.
Joriy yilning iyun oyida Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi tuman delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonda bo‘lib, ushbu davlatda yetishtiriladigan «Bayat» zotli qo‘ylarni tumanga olib kelish masalasida muzokaralar olib borgan edi. Mazkur kelishuvlar chorvachilik yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish va mahalliy fermer xo‘jaliklarida naslchilik ishlarini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda ushbu kelishuvlar doirasida chorvador fermerlar tomonidan «Bayat» zotli qo‘ylarni olib kelish ishlari boshlandi. Jumladan, «Best Metall Construction» MCHJ tomonidan Mo‘g‘ulistondan 2243 bosh «Bayat» zotli qo‘y Ohangaron tumaniga olib kelindi.
Ushbu tashabbus chorvachilikda nasl sifatini yaxshilash, fermer xo‘jaliklarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish hamda tarmoqning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy qadamlardan biridir. Kelgusida nasldor qo‘ylarni ko‘paytirish orqali chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va fermerlar daromadlarini ko‘paytirish uchun ham imkoniyatlar kengayishi kutilmoqda.



