Ohangaron tumanida O‘zbekiston–Polsha savdo uyi ochildi
2026-10-07 12:25:00 / Press-tur

Ohangaron tumanida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim loyiha — O‘zbekiston–Polsha savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yangi mazmun bilan boyib, o‘zaro tovar ayirboshlash va eksport-import operatsiyalari ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, 2025-yil davomida O‘zbekistondan Polshaga 115,8 million dollarlik mahsulot eksport qilingani ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijalaridan biridir.
Polsha Respublikasi O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga chiqishida muhim savdo va logistika yo‘nalishlaridan biri sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarni Yevropa davlatlariga yetkazib berishda Polsha bozori va logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish va yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida Ohangaron tumanida yana bir muhim infratuzilma obyekti ishga tushirildi.
Xususan, Angren erkin iqtisodiy zonasining Ohangaron tumanidagi Aqcha blokida O‘zbekiston–Polsha savdo uyi, jumladan, logistika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi markazning ochilishi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
Mazkur savdo uyi orqali ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida biznes aloqalarini mustahkamlash, mahsulotlarni saqlash va logistika jarayonlarini samarali tashkil etish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov, Polsha Respublikasi delegatsiyasi, tadbirkorlar hamda mas’ullar ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar uchun yangi hamkorlik maydonlarini yaratish va Ohangaron tumanining logistika hamda eksport salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Yangi savdo uyining ish boshlashi Toshkent viloyatining investitsiyaviy va logistika imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy tadbirkorlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, tashqi savdo hajmini oshirish hamda O‘zbekiston–Polsha iqtisodiy hamkorligining yangi amaliy yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ushbu tadbir munosabati bilan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.









