LG Group kompaniyasi delegatsiyasi bilan muzokaralar olib borildi
2026-10-02 14:15:00 / Yangiliklar

Janubiy Koreya Respublikasining LG Group kompaniyasi delegatsiyasi Ohangaron tumanida bo‘lib, hududda yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Tashrifning asosiy mazmuni Ohangaron tumani hududida 160 gektar maydonda zamonaviy sanoat texnoparki tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasini ko‘rib chiqish, uni amalga oshirishning tashkiliy-texnik shartlarini belgilash hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur loyihaning dastlabki bosqichida 100 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi tumanda yangi sanoat ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish, zamonaviy texnologiya va tajribani jalb etish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, texnopark faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlarni tashqi bozorlarga yo‘naltirish orqali tumanning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Usmonov LG Group delegatsiyasi a’zolari — LG Electronics direktori Kim, Justin, LG Electronics maxsus guruh rahbari Baek, SeungHan, LG CNS maxsus guruh rahbari Song, JiSung hamda LG Electronics sho‘ba korxonasi prezidenti Lee, Sangcheolni qabul qilib, investitsiya loyihasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish uchun tanlangan 160 gektar yer maydonining joylashuvi, mavjud infratuzilma imkoniyatlari va uning ishlab chiqarish faoliyati uchun qulayligi atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, hududni elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv bilan ta’minlash, avtomobil yo‘llari va transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda investitsiya loyihasini amalga oshirishning huquqiy va tashkiliy shartlari, investor uchun yaratiladigan imkoniyatlar, zarur infratuzilmani shakllantirish, loyihaning keyingi bosqichlarini belgilash hamda hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri — sanoat texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va hududda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatidir. Bu esa mahalliy korxonalarning yirik investorlar bilan hamkorligini kengaytirish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va iqtisodiy faollikni oshirishga zamin yaratadi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari bo‘yicha zarur tashkiliy va amaliy choralarni belgilash, investor vakillariga hududdagi mavjud imkoniyatlar hamda infratuzilma haqida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etish, shuningdek, loyihani ro‘yobga chiqarish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hamkorlikda hal etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.



