Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov raisligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-09-28 14:05:00 / Yangiliklar

Unda tumanda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish hamda fuqarolarning doimiy daromad manbalarini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘ldi. Bu borada mahallalar kesimida olib borilayotgan ishlar, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni daromadli mehnatga jalb etish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Har bir mahallada kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi, aholi bilan manzilli ishlash va natijadorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga mavjud muammolarni chuqur o‘rganish, har bir oila bilan individual ishlash va aniq natijaga qaratilgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
Ayniqsa, ishsiz yoshlarni aniq ro‘yxat asosida o‘rganish, ularning qiziqishi va salohiyatidan kelib chiqib, munosib bandlik choralarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, har bir yo‘nalish bo‘yicha natijadorlikni oshirish va ijroni muntazam nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi.



