Korrupsiyaning jamiyat va shaxsiy karyeraga ta’siri
2026-09-23 11:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, jamiyatda qonuniylik va halollik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, mehnat munosabatlarida teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.
Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan tuman «Yoshlar markazi»da korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida «Korrupsiyaning jamiyat va shaxsiy karyeraga ta’siri» mavzusida seminar tashkil etildi.
Unda respublika ishchi guruhi vakili, Ohangaron tumani prokurori o‘rinbosari, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari hamda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi vakili ishtirok etib, mavzu doirasida ma’ruzalar qildi.
Seminarda korrupsiyaning nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy va kasbiy oqibatlari haqida atroflicha fikr yuritildi. Xususan, «Korrupsiyaning huquqiy oqibatlari va jamiyat barqarorligiga xavfi» mavzusidagi ma’ruzada korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga olib keluvchi omillar, sohadagi statistik ma’lumotlar va tahliliy natijalar xususida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq qonunbuzarlikning insonning shaxsiy va kasbiy hayotiga ta’siriga alohida e’tibor qaratildi. Bunday holatlar shaxsiy karyeraga putur yetkazishi, mehnat faoliyatidagi imkoniyatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, insonning oilasi va yaqinlari sha’niga ham ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbirning yana bir muhim yo‘nalishi «Adolatli bandlik, halol mehnat va mehnat bozorida teng imkoniyatlar» mavzusiga bag‘ishlandi. Unda davlat xizmati va mehnat munosabatlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, qaror qabul qilish jarayonlarida xolislikni ta’minlash, barcha fuqarolar uchun teng mehnat imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga kasbiy o‘sishning qonuniy va halol mehnat, bilim hamda malakaga asoslangan bo‘lishi, mehnat munosabatlarida adolat va tenglik tamoyillariga rioya etish nafaqat xodimning shaxsiy manfaatlariga, balki tashkilot samaradorligi va jamiyat farovonligiga ham bevosita ta’sir qilishi tushuntirildi.
Seminar doirasida «Korrupsiyasiz muhit va shaffoflik tamoyillari» mavzusida ham fikr almashildi. Tashkilotlarda ochiqlikni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda shaffoflikni kuchaytirish, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatni oshirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar berildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan savol-javoblar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi, mehnat munosabatlarida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.





