Shaxsga doir ma’lumot: ishonch, mas’uliyat va qonun
2026-09-18 11:45:00 / Yangiliklar

Shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish «shunchaki xabar berish» emas, inson huquqiga daxl qilishdir
Bugun axborotni bir insondan boshqasiga yetkazish nihoyatda oson. Telefondagi bir tugma, Telegram'dagi bir xabar, ijtimoiy tarmoqdagi bir post — va ma’lumot bir zumda o‘nlab, yuzlab, hatto minglab odamlarga yetib borishi mumkin. Ammo axborotni tarqatish osonlashgani sayin, uni tarqatish mas’uliyati ham ortmoqda.
Ayniqsa, boshqa insonga tegishli shaxsiy ma’lumotlar haqida gap ketganda bu masalaga oddiy kundalik odat sifatida qarash mumkin emas.
Kimningdir telefon raqami, yashash manzili, pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, oilaviy holati, shaxsiy fotosi, ovoz yozuvi, ish joyi, elektron manzili yoki insonni aniqlash imkonini beruvchi boshqa ma’lumotlar — uning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlardir. Bunday ma’lumot sizga ma’lum bo‘lgani bilan u sizniki bo‘lib qolmaydi.
Aksincha, agar inson sizga o‘z ma’lumotini ishonch bildirib aytgan bo‘lsa, bu ishonch uni boshqalarga tarqatish uchun berilgan ruxsat emas.
O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni aynan shu munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soladi. Qonunning 28-moddasida shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi belgilanib, shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagan holda bunday ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan.
Bu norma juda muhim bir haqiqatni anglatadi: birov haqidagi ma’lumotni bilish — uni tarqatish huquqiga ega bo‘lish degani emas.
Masalan, Telegram guruhida kimdir «falon kishining telefon raqami kimda bor?» deb so‘rashi mumkin. Raqamni bilgan odam esa uni guruhga yozib qo‘yadi. Yoki kimdir boshqa bir insonning pasport ma’lumotlari tushirilgan hujjat rasmini «kerakli odamlarga» deb guruhga tashlaydi. Boshqa birov tanishining shaxsiy suratini uning roziligisiz ijtimoiy tarmoqqa joylaydi.
Bunday harakatlarning barchasini «yordam berdim», «yomon niyatim yo‘q edi», «faqat tanishlar ko‘radi», «guruh yopiq edi» degan gaplar bilan izohlash har doim ham mumkin emas. Chunki huquqiy nuqtayi nazardan asosiy savol boshqa: bu ma’lumotni oshkor qilish yoki tarqatishga shaxsning roziligi bormi yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa qonuniy asos mavjudmi?
Qonun shaxsga doir ma’lumotlarni «berish» va «tarqatish» tushunchalarini ham ajratadi. Muayyan shaxsga ma’lumotni oshkor qilish — berish, noma’lum doiradagi shaxslarga oshkor qilish, jumladan Internetga joylashtirish yoki undan foydalanish imkonini berish esa tarqatish hisoblanadi.
Demak, «men uning ma’lumotini faqat bitta odamga berdim» degan holat bilan «uni Telegram guruhiga tashladim» degan holatni bir xil deb bo‘lmaydi. Ikkinchi holatda ma’lumot yanada keng doiraga chiqib ketadi va uning keyin qayerlarga tarqalishini nazorat qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.
Eng muhimi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish faqat davlat organlari, tashkilotlar yoki katta kompaniyalarning vazifasi emas. Bu har bir insonning kundalik madaniyati va mas’uliyatiga ham daxldor.
Chunki bugun sizga ishonib aytilgan ma’lumot ertaga boshqa birovning qo‘lida paydo bo‘lishi mumkin. Bugun birovning telefon raqamini ruxsatsiz tarqatgan odam ertaga o‘z raqamining xuddi shu tarzda guruhlarga tarqalishidan norozi bo‘lishi mumkin. Bugun kimningdir shaxsiy suratini tarqatayotgan inson ertaga o‘zining shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlar ommaga chiqib ketganda buning qanchalik noxush ekanini anglaydi.
Shuning uchun masalaga «bundan nima bo‘lardi?», degan qarash bilan emas, «bu ma’lumot menga tegishlimi va uni tarqatishga haqqim bormi?», degan savol bilan yondashish kerak.
Qonunchilikda bunday talablarni buzganlik uchun javobgarlik ham belgilangan. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46²-moddasi shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, saqlash, ulardan foydalanish, berish, tarqatish va uzatish kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutadi. Amaldagi normaga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ayrim holatlarda shaxsiy yoki oilaviy sirni tashkil etuvchi shaxsiy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish ham alohida javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Albatta, qonunchilikda shaxsning roziligisiz ma’lumotlarga ishlov berish mumkin bo‘lgan ayrim qonuniy asoslar ham mavjud. Masalan, qonun talabini bajarish, muayyan huquqiy munosabatlarni amalga oshirish kabi holatlar shular jumlasidandir. Shu bois har qanday ma’lumotni har qanday vaziyatda faqat rozilik bilangina berish mumkin, degan umumiy xulosa ham to‘g‘ri emas. Muhimi — ma’lumotni oshkor qilish uchun qonuniy asos bor-yo‘qligini anglash.
Ammo oddiy fuqarolik munosabatlarida buning eng ishonchli qoidasi bor. Agar ma’lumot sizga tegishli bo‘lmasa va uni boshqaga berishga egasining roziligi borligini bilmasangiz uni tarqatmang!
Avvalo, ma’lumot egasidan so‘rang. Zarur bo‘lsa, ma’lumotni so‘rayotgan insonning aloqa ma’lumotini uning egasiga yetkazing va ularning o‘zlari bog‘lanishiga imkoniyat yarating. Bu ortiqcha ehtiyotkorlik emas. Bu — insonni hurmat qilish.
Axborot asrida huquqiy madaniyat, avvalo, nimani bilishimizda emas, nimani tarqatmasligimizni bilishimizda namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun har birimiz oddiy bir qoidani yodda tutishimiz kerak. Birovning shaxsiy ma’lumoti — umumiy foydalanish uchun berilgan axborot emas. Uning ortida insonning shaxsiy hayoti, daxlsizligi, sha’ni va qonuniy manfaatlari turibdi. Ishonch bilan sizga berilgan ma’lumotni asrash uni tarqatishdan ko‘ra kattaroq mas’uliyatdir.
Keling, har bir xabarni yuborishdan, har bir ma’lumotni guruhga tashlashdan, har bir fotosuratni tarqatishdan oldin bir lahza to‘xtaylik va o‘zimizdan so‘raylik: «Bu ma’lumotni tarqatishga mening haqqim bormi?»
Agar javob aniq bo‘lmasa — tarqatmang! Chunki bir tugmani bosishga bir soniya ketadi. Ammo insonning buzilgan shaxsiy daxlsizligini tiklash ancha qiyin.
Elyor O‘TBOSOV, Ohangaron tumani hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
