O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning BAYRAM TABRIGI
2026-08-31 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz va muhtaram Ohangaron tumani ahli!
Qadrli yurtdoshlar!
Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik — xalqimiz uchun eng ulug‘ va eng aziz ne’mat, milliy o‘zligimiz, erkin va farovon hayotimiz, tinch va osoyishta kelajagimizning mustahkam poydevoridir.
Mustaqillikning mazmun-mohiyati, avvalo, insonning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari ta’minlangan, har bir fuqaro o‘z orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratilgan jamiyat barpo etishda namoyon bo‘ladi. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, xalqchil islohotlarning bosh maqsadi ham aynan inson qadrini ulug‘lash, xalqning roziligi va farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi O‘zbekistonda har bir hududning, har bir mahallaning qiyofasi o‘zgarib, odamlarning hayot sifati yaxshilanib bormoqda. Ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, bandlik, uy-joy, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ishlar xalqimiz ehtiyoj va talablariga yaqinlashmoqda.
Bu ezgu jarayonlar Ohangaron tumani hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tumanimizda mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l va ichki infratuzilmani yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa zarur xizmatlar bilan ta’minlash, zamonaviy ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, mahallalarda aholi bilan ochiq muloqot qilish, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki xalq bilan muloqot, odamlarning dardi va tashvishini eshitish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash — bugungi boshqaruvning eng muhim mezonlaridan biridir.
Tumanimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, investisiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Albatta, erishilayotgan har bir natijaning zamirida tumanimiz ahlining fidokorona mehnati, tashabbusi va Vatan taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi mujassam. Bugungi obod mahallalar, yangi korxonalar, zamonaviy ijtimoiy ob’yektlar va yaratilayotgan qulay sharoitlar — birgalikdagi mehnatimiz samarasidir.
Aziz tumandoshlar!
Mustaqillik bayrami — nafaqat shodiyona, balki Vatan oldidagi mas’uliyatimizni yana bir bor his etish kuni hamdir. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsad yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta erishamiz.
Farzandlarimiz bizdan tinch va obod yurt, munosib ta’lim va tarbiya, mustahkam kelajak kutadi. Shu bois yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, sport va madaniyat bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish barchamizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Bugungi ulug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va xotirjamlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin, ishlarimiz barakali bo‘lsin!
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu ishlarimiz bardavom bo‘lsin!
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz tinch va xalqimiz hamisha farovon bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Ohangaron tumani hokimi
Bahrom Norqobilov.
