Bayram arafasida yangi obyekt foydalanishga topshirildi
2026-08-25 11:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada yaxshilash maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda tumanning “Telov” mahallasidagi 38-sonli oilaviy poliklinika investitsiya dasturi doirasida mukammal ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Muassasaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 395 million so‘mni tashkil etadi. Ta’mirlash ishlari natijasida poliklinika aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlandi.
Ayniqsa, muassasaning Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilgani “Telov” mahallasi ahli uchun quvonchli voqea, yurtimizning eng ulug‘ bayrami arafasidagi munosib bayram tuhfasi bo‘ldi. Yangilangan va zamonaviy tibbiyot maskani endi mahalla aholisiga yanada qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatadi.
Ikki qavatli poliklinika zamonaviy tibbiy texnologiyalar va zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 150 nafar qatnovga mo‘ljallangan.
Muassasa tumanning “Telov”, “Sanam” va “Toshariq” mahallalarida istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda, hududdagi 3 ta umumta’lim maktabi va 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari hamda o‘quvchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Poliklinikada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida 2 nafar umumiy amaliyot shifokori, 30 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va 5 nafar kichik tibbiy xodim faoliyat yuritadi.
Mustaqillik bayrami arafasida amalga oshirilgan ushbu ezgu ish mahalla ahlining bayramona kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Zero, xalqqa munosib sharoit yaratish, uning salomatligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan har bir bunyodkorlik ishi yurtimiz taraqqiyoti va inson qadrining amaliy ifodasidir.
Tantanali tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning oktyabr oyi yakuniga qadar tumanning “Ko‘ksaroy” mahallasida “Ertosh” oilaviy shifokorlik punkti binosining qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.







