Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-10 14:55:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotlar davom ettirilib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, takliflarini tinglash hamda loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navbatdagi ochiq muloqot Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkatjon Turdimov ishtirokida o‘tkazildi.
Unda asosan A-373 xalqaro magistral yo‘li bo‘yida o‘z loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida uchrayotgan muammolar, mavjud infratuzilma va boshqa masalalar yuzasidan murojaat va takliflarini bildirdi.
Har bir masala mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va loyihalarni belgilangan tartibda amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ochiq muloqotda A-373 xalqaro magistral yo‘li bo‘yida amalga oshirilayotgan har bir investitsiyaviy va tadbirkorlik loyihasi nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki hududning umumiy qiyofasi va infratuzilmasiga ta’siri nuqtayi nazaridan ham muhim ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlarga qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishda shaharsozlik normalari va belgilangan talablarga qat’iy rioya etish, obyektlar atrofini tartibga keltirish, yo‘l bo‘yi hududlarining obodligi va sanitariya holatiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A-373 magistral yo‘li bo‘yida joylashgan tadbirkorlik obyektlari Ohangaronning o‘ziga xos «kirish darvozasi» vazifasini bajarishi inobatga olinib, ularning tashqi ko‘rinishi, atrof-muhit bilan uyg‘unligi va yo‘l bo‘yi hududining obodligiga mas’uliyat bilan yondashish lozimligi qayd etildi.
Muloqot yakunida bildirilgan taklif va murojaatlarning har biri bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.









