Ohangaron tumanida 30 million dollarlik investitsiya loyihasi muhokama qilindi
2026-08-05 12:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov Xitoyning "Jiangsu Yiershi Group" kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tuman hududida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari yuzasidan dastlabki muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida xitoylik investorlar tomonidan umumiy qiymati 30 million AQSH dollari bo‘lgan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi. Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish uchun taxminan 20 gektar yer maydoni talab etiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi doirasida yuqori va past kuchlanishli komplekt taqsimlash qurilmalari, blokli transformator podstansiyalari, taqsimlash shkaflari va elektr taqsimlash shitlari, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) obyektlari hamda energiyani saqlash tizimlari uchun zamonaviy elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda tuman hokimi Bahrom Norqobilov Ohangaron tumanining investitsion salohiyati va qulay biznes muhiti haqida to‘xtalib, hududda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun zarur imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga tayyor ekanligi, investorlarga qonunchilikda belgilangan tartibda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.
Muzokaralar yakunida loyihani joylashtirish uchun tumanning bir nechta hududlaridan muqobil yer maydonlarini taklif etish, shuningdek, tashkiliy va texnik masalalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
Tomonlar ushbu istiqbolli investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.



