YURT OBODLIGI XONADONLARIMIZDAN BOSHLANADI!
2026-07-17 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli ohangaronliklar!
Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, mahallalarimiz yanada obod va fayzli maskanlarga aylanmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, har bir mahallada tinchlik, farovonlik va obodlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bugun Ohangaron tumanida ham ushbu ezgu maqsadlar yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi yo‘llar qurilmoqda, ichimlik suvi, elektr ta’minoti va boshqa infratuzilma obyektlari yaxshilanmoqda, mahallalarimizda obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Albatta, bu o‘zgarishlar har birimiz uchun g‘urur va mas’uliyat hissini yanada oshiradi.
Aziz yurtdoshlar!
Yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami barchamiz uchun ulug‘ va qutlug‘ sana hisoblanadi. Bu bayramni munosib kutib olish, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish avvalo o‘z mahallamiz, ko‘chamiz va xonadonimizdan boshlanadi.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarimiz, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, tadbirkorlar va mehnat jamoalarini umumiy obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishga chaqiraman.
Keling, har birimiz yashab turgan ko‘cha va xonadon atrofini tartibga keltiraylik, daraxtlar va gullarga parvarish ko‘rsataylik, ariq-zovurlarni tozalaylik, hasharlarda faol qatnashaylik. Pokiza muhit – aholi salomatligi, fayzli mahalla va yuksak madaniyatning eng muhim belgisidir.
Obod mahalla – bu faqatgina davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar emas, balki har bir fuqaroning o‘z yashash manziliga bo‘lgan mehri, mas’uliyati va daxldorligining yorqin ifodasidir. Birlashgan xalqning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. Ana shu ahillik va hamjihatlik tufayli Ohangaron tumanimiz yanada ko‘rkam, fayzli va yashash uchun qulay hududga aylanishiga ishonaman.
Qadrli tumandoshlar!
Barchangizni mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan obodonlashtirish va hashar tadbirlarida faol ishtirok etishga, mahallalarimiz, ko‘chalarimiz va xonadonlarimizni yanada ozoda va ko‘rkam qilishga chaqiraman.
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
