Ohangaronda kurkachilik rivojlantirilmoqda
2026-07-06 09:20:00 / Yangiliklar

Bu borada har bir mahalla kesimida imkoniyatlar o‘rganilib, qiziqish bildirgan yoshlar bilan manzilli ishlar tashkil etildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda tumandagi 31 ta mahallaning 30 tasida 82 nafar yosh tomonidan kurkachilik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunda mazkur yoshlar tomonidan 1 800 dan ortiq xonaki, shuningdek, yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan «BIG-6» va «Bronza-708» zotli kurkalar parvarish qilinmoqda. Bu esa nafaqat yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish, balki oilalarning daromadini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Kurkachilikning iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lib, uning asosiy afzalliklaridan biri bozorda kurka go‘shtiga bo‘lgan barqaror talab hisoblanadi. Kurka go‘shti parhezbop mahsulot sifatida yuqori baholanadi. Uning tarkibida oqsil miqdori yuqori, yog‘ va uglevodlar miqdori esa nisbatan kam bo‘lib, aholi o‘rtasida iste’mol hajmi yildan-yilga ortib bormoqda.
Kurkaning biologik xususiyatlari ham mazkur yo‘nalishning iqtisodiy jihatdan samarali ekanligini ko‘rsatadi. Kurka 7–8 oyda voyaga yetib, yil davomida o‘rtacha 30–40 ta tuxum qo‘yadi. Tabiiy sharoitda bitta kurka 20–30 tagacha tuxum bosib, taxminan 28–30 kunda jo‘ja ochadi. Voyaga yetgan kurka birinchi yilda 4–6 kilogramm, ikkinchi yilda esa 12 kilogrammgacha vazn to‘playdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar xo‘jalikda 15 bosh moda va 2 bosh nar kurka parvarish qilinsa hamda ulardan 200 ta jo‘ja olinsa, shundan o‘rtacha 150 tasi voyaga yetganda har biri 4 kilogrammdan jami 600 kilogramm go‘sht olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Bugungi bozor narxlarida 1 kilogramm kurka go‘shtining o‘rtacha qiymati 110 ming so‘mni tashkil etishini hisobga olganda, yalpi tushum 66 million so‘mga yetadi.
Mazkur davr mobaynida ozuqa, veterinariya tadbirlari va boshqa xarajatlar uchun o‘rtacha 8–10 million so‘m mablag‘ sarflanadi. Tabiiy yaylov va erkin parvarish usulidan foydalanilganda ushbu xarajatlar 3–5 million so‘mgacha qisqaradi. Natijada, barcha xarajatlar chegirilganidan keyin, o‘rtacha 50–55 million so‘m sof daromad olish imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkich kurkachilikni yoshlar uchun yuqori daromad keltiruvchi faoliyat turlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Tumanda intensiv texnologiya asosida parvarish qilinayotgan «BIG-6» va «Bronza-708» zotli kurkalar ham yuqori iqtisodiy samara bermoqda. Ayniqsa, «Bronza-708» zoti qisqa muddatda katta vazn to‘plashi bilan ajralib turadi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida hamkor tashkilotlar bilan manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, tumanga biriktirilgan «Turonbank» ATB boshqaruvi raisi tashabbusi bilan 5 nafar ishsiz va ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshga homiylik asosida har biriga «Bronza-708» zotli kurkalar hamda bir oylik ozuqa zaxirasi yetkazib berildi.
Ushbu loyihaning dastlabki natijalari ijobiy bo‘lmoqda. Mazkur zotdagi kurkalar 6 oy mobaynida 25–30 kilogrammgacha vazn to‘playdi. Amaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 20 bosh kurkani o‘rtacha 20 kilogramm tirik vaznda parvarish qilib, bozorda 1 kilogrammini 120 ming so‘mdan sotish orqali 48 million so‘mlik tushum olish mumkin. Olti oylik ozuqa va boshqa xarajatlar o‘rtacha 8 million so‘mni tashkil etganda, bir xo‘jalikning 20 bosh kurkadan 40 million so‘mgacha sof daromad olishi mumkinligi amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Bu esa mazkur yo‘nalishni ishsiz yoshlarni band qilish, kam daromadli oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning eng maqbul yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda tumanda kurkachilikni yanada ommalashtirish, yangi talabgorlarni jalb qilish, nasldor parrandalar sonini ko‘paytirish, veterinariya xizmatlari qamrovini kengaytirish hamda mahsulot yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2027 yil uchun belgilangan rejalarga muvofiq, mazkur yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlarni joriy yilga nisbatan kamida to‘rt barobarga oshirish maqsad qilingan. Buning natijasida yana ko‘plab yoshlarning doimiy bandligi ta’minlanishi, aholi daromadlari oshishi va tumanda parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada ko‘paytirishga erishiladi.
Umuman olganda, Ohangaron tumanida kurkachilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Kelgusida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar tizimli davom ettirilib, sohaning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.





