"Hokimlik soati" yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-07-01 18:00:00 / Majlislar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov raisligida navbatdagi "Hokimlik soati" yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida viloyat hokimi tomonidan o‘tkazilgan "Hokimlik soati" muhokamalarida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilish holati ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, tumanga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Mas’ul rahbarlarga mavjud zaxiralardan to‘liq foydalanish, investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi "Toshkent viloyatini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 165-son qarori ijrosining borishi ham muhokama qilindi. Qarorda belgilangan vazifalarning amaliy natijadorligini ta’minlash, ijro intizomini kuchaytirish va har bir topshiriqning sifatli bajarilishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, yoshlar bilan ishlash tizimini yanada rivojlantirish, vaziyatlar markazini tashkil etish, “Bir oyda to‘rt mahalla” tamoyili asosidagi ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi Bahrom Norqobilov barcha sohalarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish, ijro intizomini yanada mustahkamlash, har bir vazifani aniq reja asosida amalga oshirish hamda aniq natijaga yo‘naltirilgan ish uslubini yo‘lga qo‘yish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va tavsiyalar berdi.





