Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning tabrik nutqi
2026-07-01 15:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Avvalo, barchangizni Ohangaron tumanida joriy yilgi g‘alla hosilini yig‘ib-terib olish bo‘yicha belgilangan davlat rejasi bajarilgani bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Bu yutuqlar, eng avvalo, yerga mehr qo‘yib, har bir boshoqni rizq deb bilgan mehnatkash insonlarning halol va fidokorona mehnati natijasidir.
Ohangaron tumani mirishkorlari ham joriy yilgi g‘alla mavsumida katta mas’uliyat va yuksak uyushqoqlik bilan mehnat qilib, munosib natijalarni qo‘lga kiritdilar. Tumanda 5070 gektar yer maydonida g‘alla parvarishlandi.
Mavsum yakunlariga ko‘ra, tuman uchun belgilangan 14 467 tonnalik reja amalda 14 626 tonnaga yetkazilib, g‘alla tayyorlash ko‘rsatkichi 101,3 foizni tashkil etdi.
Bu natijalar zamirida yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi, mehnatga sadoqat, yerga e’tibor va eng muhimi, inson omiliga bo‘lgan yuksak hurmat mujassam. Qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan barcha mehnatkashlarimiz ushbu mavsumda ham o‘zlarining yuksak malakasi, sabr-toqati va matonatini yana bir bor namoyon etdilar.
Ayniqsa, joriy mavsumda “Meliboyev Muhammad”, “Odiljon ulkan orzusi”, “Ohang mo‘jiza bog‘lari”, “Ohangaron Maqsuda fayz”, “Imron Shohro‘za bog‘lari”, “Shirin olmalar”
kabi fermer xo‘jaliklari yuqori hosildorlikka erishib, boshqalarga ibrat bo‘ladigan natijalarni qo‘lga kiritdilar. Ularning samarali mehnati va boy tajribasi butun tumanimiz agrar sohasi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Fursatdan foydalanib, g‘alla o‘rim-yig‘imida ishtirok etgan barcha fermerlarimiz, mexanizatorlar, kombaynchilar, haydovchilar, agronomlar, suvchilar, soha mutaxassislari, klasterlar jamoalari hamda mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga hissa qo‘shgan barcha tashkilot va idoralar xodimlariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Ishonchim komilki, siz azizlar kelgusida ham yuksak mehnatsevarlik va tashabbuskorlik bilan yangi marralarni zabt etib, Ohangaron tumanining qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada yuksaltirish, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida munosib hissa qo‘shishda davom etasizlar.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlaringizga fayzu baraka, ezgu ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman.
Hurmat bilan,
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
