Sanoat korxonalari va chorvachilik kompleksiga press-tur uyushtirildi
2026-06-27 18:25:00 / Press-tur

Bugun Ohangaron tumani hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ohangaron tumanida joylashgan qator yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida jurnalistlar dastlab tumandagi ko‘p tarmoqli «Rustam Agro» MCHJ chorvachilik kompleksi faoliyati bilan tanishdilar. Korxonada chorvachilikni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, nasldor mollar parvarishi, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng OAV vakillari «Axangaranskiy Trubo metallurgicheskiy Zavod» MCHJda bo‘lib, metall quvurlar ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskunalar, mahsulot sifati va ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Press-turning navbatdagi manzili «Premiyer Elektrotech» MCHJga qarashli zamonaviy muzlatkich va kondisioner ishlab chiqarish korxonalari bo‘ldi. Korxonada mahalliylashtirish darajasi, energiya tejamkor maishiy texnika ishlab chiqarish jarayoni, yangi texnologiyalar hamda eksport salohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.








