Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan festivalda so‘zlagan nutqi
2026-06-29 20:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yoshlar, muhtaram ustozlar, qadrli ota-onalar, hurmatli mehmonlar!
Avvalo, sizlarni mamlakatimiz hayotidagi eng quvonchli bayramlardan biri – 30 iyun – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, yuksak marralar, ezgu orzu-intilishlaringiz ro‘yobi hamda Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Aziz yoshlar!
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng ishonchli tayanchi, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi aynan sizlarsiz. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani, har bir sohada sizlarning bilim olishingiz, kasb-hunar egallashingiz, o‘z iqtidoringizni namoyon etishingiz va munosib hayot kechirishingiz uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani buning yaqqol isbotidir.
Bugun davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Zamonaviy maktablar va oliy ta’lim muassasalari barpo etilmoqda, xalqaro ta’lim dasturlari kengaymoqda. "Yoshlar daftari", "Yoshlar balansi", "Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish" dasturlari orqali minglab yigit-qizlarning tashabbuslari ro‘yobga chiqmoqda.
Yoshlarning startap loyihalari, innovatsion g‘oyalari, tadbirkorlik faoliyati davlat tomonidan moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ilm-fan, sport, madaniyat, axborot texnologiyalari, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi keng ochilmoqda.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Biz uchun eng katta iftixor shundaki, Ohangaron tumanining yoshlari ham mamlakatimizda kechayotgan bu ulkan islohotlarning faol ishtirokchilari sifatida yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.
Ilm-fan sohasida o‘zining bilim va salohiyati bilan nafaqat tumanimiz, balki viloyatimiz hamda respublikamiz sharafini munosib himoya qilib, bugungi kunda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlarimiz bor.
Jumladan, Diyorbek Rahmatullayev, Shoira G‘aniboyeva, Diyora Tuyakova, Nodira Esonboyeva, Muslima Qayumova, Salohiddin Akbaraliyev, Hasan Mutalov, Mahliyo Qo‘chqorova hamda Dilshod Xolmurodov turli respublika va xalqaro tanlovlarda ilmiy loyihalarda munosib ishtirok etib, barchamizning yuragimizga g‘urur bag‘ishlab kelmoqdalar.
Zero, ilmga kiritilgan har bir sarmoya – millat kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Bugun bilim olishga intilayotgan har bir yigit-qiz ertangi kunda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassisga aylanadi.
Sport sohasida ham tumanimiz yoshlari katta yutuqlarga erishmoqda.
Behruz Malikov, Nozima Hasanova, Shamsiddin Tojiboyev, Ruhshona Ne’matxonova, Nargiza Kamalova, Zaxro Turg‘unova, Feruza Mirsaxatova, Nozima Tursunboyeva, Dilso‘z Imonova hamda Zarina Xayitboyevalar respublika, Osiyo va jahon chempionatlarida yuksak mahorat va matonat namoyon etib, davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib kelmoqdalar.
Ularning har bir g‘alabasi nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki butun Ohangaron ahlining g‘ururi, yurtimiz yoshlarining salohiyatini namoyon etuvchi yorqin namunadir.
Shuni alohida faxr-iftixor bilan ta’kidlash lozimki, bugun mamlakatimiz sporti tarixida unutilmas sahifa ochildi. O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Natijalardan qat’i nazar, bu nafaqat futbolimiz, balki butun mamlakatimiz sporti uchun ulkan tarixiy yutuqdir.
Eng muhimi, mazkur natija keyingi yillarda yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, zamonaviy sport infratuzilmasining yaratilishi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, malakali murabbiylar tayyorlash va sportchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar samarasidir.
Bundan tashqari, madaniyat va san’at sohasida ham tumanimiz yoshlari yuksak iqtidorga ega ekanini namoyon etishmoqda.
Botir Mahkamboyev, Shahlo Ibrohimova, Mubina Nabijonova, Zarnigor Do‘smatova, Rayohon Shermatova, Madina Odilova, Alibek Adhamov, Asal Ismoilova, Shohnur Azamatov, Hadichabonu Azimjonova, Abdulaziz Amirov, Shodiya Nurullayeva hamda boshqa ko‘plab yoshlarimiz respublika va xalqaro ko‘rik-tanlovlarda munosib ishtirok etib, milliy madaniyatimiz va san’atimizni munosib targ‘ib qilib kelmoqdalar.
Ularning ijodi, iste’dodi va mehnatsevarligi barcha yoshlarga o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda tadbirkorlik sohasi ham yoshlar uchun o‘zini namoyon qilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
O‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan yosh tadbirkorlarimiz ham alohida e’tirofga munosib.
Jumladan, Iskandar Turg‘unboyev, Behzod Umirzoqov, Farruhbek Abdug‘ofurov, Sherbek Toshpo‘latov, Jamshid Tolipov kabi yosh, tashabbuskor, izlanuvchan va mehnatkash tadbirkor yoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Muhtaram tadbir qatnashchilari!
Bugungi kunda tumanimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, zamonaviy bilimlar egallashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar markazi, sport inshootlari, madaniyat muassasalari, kutubxonalar va axborot texnologiyalari markazlari faoliyati yanada takomillashtirilmoqda. Yoshlarning tashabbuslarini amalga oshirish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Aziz yoshlar!
Sizlardan kutadigan umidimiz juda katta.
Sizlar Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan, xalqimiz ishonchini oqlaydigan, yuksak bilimli, vatanparvar, halol va tashabbuskor insonlar bo‘lib yetishishingizga ishonamiz.
Ohangaron yoshlari har doim ilmda, sportda, madaniyatda, tadbirkorlikda va jamiyat hayotining barcha jabhalarida eng ilg‘or saflarda bo‘lishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, farzandlarimizni tarbiyalashda ulkan mehnat qilayotgan aziz ota-onalarimizga, ustoz va murabbiylarimizga ham chuqur minnatdorlik bildiraman.
Qadrli Ohangaron yoshlari!
Sizlarni yana bir bor bugungi bayram bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, ezgu maqsadlaringiz ro‘yobi, yangi zafarlar va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, yoshlarimizning orzu-intilishlari hamisha yuksak bo‘lsin!
Yoshlarimiz bor ekan – Yangi O‘zbekistonning kelajagi yanada porloq bo‘ladi!
E’tiboringiz uchun rahmat!
