Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning matbuot va OAV xodimlariga bayram tabrigi
2026-06-27 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz jurnalistlar, muhtaram matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Sizlarni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Jamiyat hayotida yuz berayotgan muhim voqea va jarayonlarni xolis va tezkor yoritish, aholi bilan davlat o‘rtasida ishonchli muloqotni ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda sizlarning mehnatingiz beqiyos ahamiyat kasb etadi. Har bir maqola va tahliliy material ortida yuksak mas’uliyat, fidoyilik va kasbga sadoqat mujassam.
Ohangaron tumani hayotidagi yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot hamda aholining dardu tashvishlarini keng yoritishda faol ishtirok etib kelayotgan barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Sizlarning xolis va mas’uliyatli faoliyatingiz ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish va fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Shu o‘rinda, tumanimizning yagona bosma nashri hisoblangan "Ohangaron hayoti" gazetasi tahririyati jamoasining ko‘p yillik samarali faoliyati ham alohida e’tirofga loyiqligini ta’kidlashimiz lozim. Gazeta sahifalarida tuman hayotining muhim voqealari, mehnatkash insonlarning yutuqlari, milliy qadriyatlarimiz hamda ijtimoiy ahamiyatga molik mavzularni yoritish orqali tahririyat jamoasi aholining ishonchli axborot manbai sifatida munosib o‘rin egallab kelmoqda.
Fursatdan foydalanib, barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, ijodiy parvoz, kasbiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi g‘oyalar va yuksak yutuqlar tilayman. Qalamingiz o‘tkir, so‘zingiz ta’sirchan, ijodingiz esa xalqimiz manfaatiga hamisha xizmat qilsin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Bahrom Norqobilov, Ohangaron tumani hokimi.
