26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning tuman ahli va yoshlariga murojaati
2026-06-18 09:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz tumandoshlar!
Har yili 26-iyun sanasi butun dunyoda “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” nishonlanadi. Ushbu sana inson salomatligi, millat kelajagi va jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid soluvchi giyohvandlik illatiga qarshi kurashishda barchamizni yanada hushyor va mas’uliyatli bo‘lishga chorlaydi.
Giyohvandlik bu – nafaqat bir insonning hayotini izdan chiqaruvchi, balki oila, mahalla va butun jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi og‘ir ijtimoiy muammodir. Bu illat insonning sog‘lig‘ini yemirib, uning bilim olishi, mehnat qilishi va hayotda o‘z o‘rnini topishiga to‘sqinlik qiladi. Eng achinarlisi, giyohvandlik yoshlarning orzu-maqsadlari va kelajagini xavf ostida qoldiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni turli zararli odatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim, sport va madaniyatga jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu masalada davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, har bir ota-ona, ustoz va keng jamoatchilikning mas’uliyati ham nihoyatda muhimdir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik, ularning do‘stlari, qiziqishlari va kundalik mashg‘ulotlaridan doimiy xabardor bo‘lib turish bugun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oiladagi mehr-oqibat, samimiy muloqot va to‘g‘ri tarbiya farzandlarni har qanday yot g‘oya va zararli illatlardan himoya qiluvchi eng mustahkam qalqondir.
Aziz yoshlar!
Sizlar mamlakatimiz kelajagi, Yangi O‘zbekistonning ishonchi va tayanchisiz. Hayotingizni ilm-fan, sport, kasb-hunar va ezgu maqsadlar bilan boyiting. Hech qachon salomatligingiz va kelajagingizni xavf ostiga qo‘yadigan har qanday taklif yoki ta’sirlarga aldanmang. Unutmang, sog‘lom turmush tarzi, mustahkam iroda va aniq maqsad insonni yuksak marralarga yetaklaydi.
Barchamizni giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishga, yoshlarimizning sog‘lom va baxtli kelajagi yo‘lida birgalikda harakat qilishga chaqiraman.
Yurtimiz tinch, oilalarimiz farovon, farzandlarimiz sog‘lom va baxtli bo‘lsin!
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
