Harbiy xizmatchilar farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
2026-06-16 11:50:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda harbiy xizmatchilar farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning xodimlari farzandlarining kvota asosida respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi VM-462-son qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Mazkur qarorga muvofiq, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan ofitserlar, serjantlar hamda kontrakt asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar farzandlariga respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida besh foizlik davlat kvotasi asosida ishtirok etish huquqini beruvchi tavsiyanomalar taqdim etiladi.
Tantanali tadbirda harbiy qism rahbariyati, soha faxriylari, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda Ohangaron tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi G‘anisher Navro‘zov ishtirok etdi.
Tadbir davomida harbiy qism komandirining texnika va qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Qahramon Buronovning farzandi Abdurahmon G‘ulomjonov, harbiy qism motomanyovrlashgan guruhi mutaxassis-yo‘naltiruvchisi kichik serjant Dilshod Kenjayevning farzandi Ruxshona Jo‘raboyeva hamda harbiy qism texnika va qurol-aslaha bo‘linmasi nazorat texnik punkti boshlig‘i, 2-darajali serjant Gennadiy Zorinning farzandi Yuliana Zorinaga tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
So‘zga chiqqan harbiy soha faxriylari mazkur imtiyoz yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirishi, shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatiga davlat tomonidan berilayotgan munosib e’tiborning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, tavsiyanoma sohiblarining ota-onalari ham davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, farzandlar mamlakat ravnaqi uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yoshlarning ta’lim olishi va kelajakda Vatan taraqqiyotiga xizmat qilishi yo‘lida yaratilayotgan bunday imkoniyatlar mamlakatimizda inson qadri va yoshlar kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy namunasi ekanini qayd etishdi.









