Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashining 28-sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-06-12 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashining navbatdagi 28-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotining muhim yo‘nalishlari, aholini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, mahalliy budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi.
Sessiya ishida dastlab Ohangaron tumanidagi ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari Gulchiroy Usmonova axborot berib, tuman hokimligi huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand oilalarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mablag‘ ajratish takliflari haqida ma’lumot taqdim etdi.
Shundan so‘ng, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Abror Merganov Ohangaron tumani darajasida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy, sport va madaniy tadbirlarni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan mablag‘ ajratish masalasi bo‘yicha axborot berdi.
Sessiyada, shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosari Sevara Dehqonova tomonidan 7-bosqich “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Unda xotin-qizlarni bandlikka jalb etish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala — yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash bo‘ldi. Bu borada tuman hokimi o‘rinbosari Ixtiyor Qurbonov axborot berib, yoshlarni madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish va intellektual tadbirlarga keng jalb qilish orqali ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish yuzasidan rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Sessiyada tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Samandar Qo‘chqorov ham so‘zga chiqib, Ohangaron tumani budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan shakllangan mablag‘larni ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi. Mazkur mablag‘larning ijtimoiy soha obyektlarini qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Sessiya davomida deputatlar tomonidan kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli taklif va mulohazalar bildirildi. Muhokamalar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.





