Ohangaron tumanida mehnat yarmarkasi va ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-12 12:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni munosib ish o‘rinlariga jalb qilish hamda ularning kasbiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar davom etmoqda.
Jumladan, Ohangaron tumani hokimligi hamda Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan tumandagi 52-umumta’lim maktabida “Mehnat yarmarkasi” va “Ochiq muloqot” tadbirlari tashkil etildi. Unda aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari hamda mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirning birinchi qismida Toshkent viloyatining Olmaliq, Angren va Ohangaron shaharlaridagi hamda Ohangaron tumanida faoliyat yuritayotgan qator korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Mehnat yarmarkasi davomida ish izlovchilarga turli sohalar bo‘yicha mavjud vakant o‘rinlar taklif qilinib, ishga joylashish shartlari va talablari haqida tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, tijorat banklari vakillari ham tadbirda faol ishtirok etib, aholiga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish va daromadli loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlar, moliyaviy xizmatlar va davlat dasturlari haqida ma’lumot berdi. Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.
"Mehnat yarmarkasi" doirasida 32 nafar ishsiz yosh bilan mehnat shartnomalari tuzildi. Xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan 11 nafar fuqaro va yosh bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining 37 nafar bitiruvchisi ish bilan ta’minlanishi yuzasidan shartnoma tuzgan bo‘lsa, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 7 nafar yoshning bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Kasbiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida esa 65 nafar 9-sinf o‘quvchisi ariza topshirdi. Tuman Adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan 48 nafar fuqaroga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida maktabning faollar zalida aholi ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Migratsiya agentligi hamda Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi vakillari qatnashib, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot davomida xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi, ishga jo‘natish jarayonlari, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, mehnat migrantlari uchun yaratilgan imkoniyatlar va kafolatlar haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, Migratsiya agentligi orqali ishga yuborilgan fuqarolar uchun taqdim etiladigan imtiyozlar, ijtimoiy himoya choralari, mehnat shartlari va xavfsizlik masalalari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, xorijda ishlash imkoniyatlari, kasbga o‘qitish kurslari va bandlik dasturlari yuzasidan zarur tavsiyalar oldi.









