Ohangaronda g‘alla o‘rimi qizg‘in pallada: ilg‘or kombaynchi rag‘batlantirildi
2026-06-12 11:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Ohangaron tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uyushqoqlik va yuqori mas’uliyat bilan olib borilmoqda. Dehqon va fermerlarning bir yillik mehnati samarasini yig‘ib olish, davlat xaridi rejalarini o‘z vaqtida bajarish hamda hosilni nobud qilmasdan qabul punktlariga yetkazish borasida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Bugun tuman dalalaridagi o‘rim-yig‘im ishlarining borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida, Ohangaron tumani hokimining o‘rinbosari Akmal Boymurodov hamda tumanga biriktirilgan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev “Nurli bo‘ston bog‘i Eram” fermer xo‘jaligida bo‘ldi.
O‘rganish davomida mas’ullar g‘alla o‘rimi ishlarining tashkil etilishi, texnikalarning samarali ishlashi, mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi hamda hosildorlik ko‘rsatkichlari bilan tanishdi. Shuningdek, fermer va mexanizatorlar bilan muloqot qilinib, mavsumni yuqori saviyada yakunlash yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur fermer xo‘jaligida 30 gektar maydonga boshoqli don ekini parvarishlangan bo‘lib, davlatga g‘alla topshirish rejasi 90 tonnani tashkil etadi. Ayni paytda hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.
Shuningdek, o‘rim-yig‘im ishlarida yuqori natija ko‘rsatayotgan mexanizatorlar mehnatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kombayn haydovchisi Rashid Choldiboyev o‘zining fidokorona mehnati va yuqori ish unumdorligi bilan ajralib turmoqda. Kunlik g‘alla o‘rish rejasi 100 tonnani tashkil etgan bo‘lsa-da, amalda 110 tonna hosilni yig‘ib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Mehnatsevarlik va yuksak mas’uliyat namunasini ko‘rsatayotgan kombaynchining sa’y-harakatlari munosib e’tirof etildi. Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev tomonidan Rashid Choldiboyevga 1 million 500 ming so‘m miqdorida pul mukofoti topshirildi.
Bugungi kunda Ohangaron tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini belgilangan muddatlarda va talafotsiz amalga oshirish, shuningdek, yuqori natijalarga erishayotgan mexanizator va fermerlarni rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilmoqda.









