Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov raisligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-06-08 11:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash hamda davlat organlari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlashga doir muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Yangi O‘zbekiston qiyofasida shakllantirilayotgan mahallalar hamda “og‘ir” toifaga kiritilgan mahallalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini loyihalashtirish, ularni moliyalashtirish manbalari va amaliy chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Mas’ul rahbarlarga qurilish ishlarining sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali Prezident farmonlari, qarorlari hamda majlis bayonlarida belgilangan topshiriqlarning ijro holati tahliliy-tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Topshiriqlarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida qishloq xo‘jaligi, qurilish, moliya-iqtisodiyot, ma’naviyat va sport sohalarida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati muhokama etildi. Shu bilan birga, yarim yillik yakunlari bo‘yicha barcha sohalarda belgilangan reja va prognoz ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajarish, mavjud imkoniyat va zaxiralarni to‘liq ishga solish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda tuman prokurori Faxriddin Mirzayev so‘zga chiqib, Prezidentimizning PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi. U mazkur qarorlarda belgilangan vazifa va topshiriqlarning tumanda so‘zsiz hamda sifatli bajarilishi har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati ekanini ta’kidladi. Shuningdek, qarorlar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun barcha mavjud imkoniyatlarni safarbar etish, ijro intizomini kuchaytirish hamda har bir vazifa bo‘yicha aniq natijadorlikka erishish zarurligi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi tomonidan barcha mas’ullarga ijro intizomini yanada kuchaytirish, aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda mahallalardagi muammolarni tizimli hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, har bir rahbardan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yarim yillik natijalarni yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlash, belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish va amaliy natijadorlikni ta’minlash talab etildi.






