OHANGARON TUMANIDA G‘ALLA O‘RIMI MAVSUMIGA START BЕRILDI
2026-06-05 10:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligidagi eng mas’uliyatli pallalardan biri — g‘alla o‘rimi mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan, bugun tumandagi “Agrokimyo” majmuasida fermerlar, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, uning o‘rinbosarlari, tuman prokuraturasi vakili Muhiddin Mengto‘rayev, tumanga biriktirilgan Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev, 2-mintaqa boshlig‘i Nodir Saidov, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Bunyod Akbarov hamda boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida tuman bosh imom-xatibi tomonidan Qur’on tilovat o‘qilib, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati barakali bo‘lishi, hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish hamda yurt dasturxoni to‘kinligi uchun duolar qilindi. Xayrli ishga oq yo‘l tilab, jonliq so‘yildi.
Tuman hokimi Bahrom Norqobilov yig‘ilishda so‘zga chiqib, g‘alla o‘rimi ishlarini uyushqoqlik va yuqori mas’uliyat bilan tashkil etish muhimligini ta’kidladi. U hosilni qisqa muddatlarda va talafotlarga yo‘l qo‘ymasdan yig‘ishtirib olish, mavjud texnika va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, har bir mas’ul o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan va sidqidildan bajarishi zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, tadbir davomida sohaga daxldor tashkilotlar rahbarlari tomonidan g‘alla o‘rimi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish, texnikalardan samarali foydalanish, mehnat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish, noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va yo‘riqnomalar berildi.
Bugungi kunda tumanda g‘alla hosilini yig‘ishtirib olish ishlariga 10 ta zamonaviy kombayn jalb etilgan bo‘lib, 10 ta maxsus otryad shakllantirilgan. Hosil yig‘im-terimini uzluksiz tashkil etish maqsadida, tun-u kun faoliyat yurituvchi tuman shtabi ham tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun:
Joriy yilda Ohangaron tumanida 5070 gektar maydonda 334 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan g‘alla parvarish qilindi. 2026-yil hosili uchun ekilgan mazkur maydonlardan jami 14467 tonna g‘alla hosili yig‘ishtirib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 8424 tonnasi davlat zaxirasiga, 6043 tonnasi esa vaqtinchalik saqlash omborlariga topshirilishi belgilangan.
Bugun boshlangan g‘alla o‘rimi mavsumi tuman ahli uchun muhim sinov va ayni paytda katta mas’uliyatdir. Mehnatkash dehqon va fermerlarning fidokorona mehnati, soha xodimlarining hamjihatligi hamda mas’ul tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida hosilni qisqa muddatlarda va talafotsiz yig‘ishtirib olish muhim sanaladi.









