"Iloq" festivali bo‘lib o‘tdi
2026-06-04 15:05:00 / Yangiliklar

Ohangaron vohasining betakror tabiati bag‘rida joylashgan O‘rg‘ozsoy kengliklari bugun milliy qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodi va madaniy merosning haqiqiy bayramiga aylandi. Bu yerda an’anaviy sakkizinchi "Iloq" xalqaro etnografik festivali yuqori saviyada tashkil etildi.
Toshkent viloyati hokimligi, Ohangaron tumani hokimligi hamda "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan nufuzli festival xalqimizning boy tarixi, ko‘p asrlik an’analari va bebaho madaniy merosini targ‘ib qilish, shuningdek, etnoturizmni rivojlantirishga xizmat qildi.
Festivalning tantanali ochilish marosimida Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov hamda "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi Amirqul Karimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni ushbu madaniy anjuman bilan qutladilar. So‘zga chiqqanlar qadimiy Iloq zaminining tarixiy ahamiyati, milliy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Festival doirasida Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan folklor-etnografik jamoalar o‘zlarining rang-barang chiqishlari bilan ishtirok etdi. Milliy qo‘shiqlar, xalq o‘yinlari, urf-odatlar va qadimiy marosimlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir mehmonlari uchun xalq sayili tashkil etilib, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, amaliy san’at namunalari, qadimiy turmush tarzini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar namoyish etildi. Milliy kurash, xalq o‘yinlari va boshqa sport chiqishlari festivalga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Kun davomida davom etgan madaniy dasturlar, xalq ijodiyoti namunalari va milliy qadriyatlar targ‘iboti festival ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Festival yakunida turli nominatsiyalar bo‘yicha eng faol va munosib ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari hamda qimmatbaho tuhfalar bilan taqdirlandi.
"Iloq" xalqaro etnografik festivali nafaqat milliy merosimizni keng targ‘ib etish, balki turizm salohiyatini oshirish, xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash va yosh avlod qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgan muhim anjuman sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi.









