Ohangaronda yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi
2026-06-03 13:00:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida “Enco Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxonaning faoliyat boshlashi hudud sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Tantanali tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov hamda Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ishtirok etdi. Mehmonlar yangi sanoat majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar, ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tuman hokimi Bahrom Norqobilov o‘z nutqida mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
— So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, zamonaviy sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi tadbir nafaqat yangi sanoat korxonasining ochilishi, balki mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, sanoatlashtirish siyosati va investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir amaliy samarasidir, — dedi tuman rahbari.
Mazkur investitsiya loyihasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar hisobidan amalga oshirilib, unga jami 57,5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi. Loyiha Ohangaron tumanining “Tut” mahallasi hududida 21 gektar maydonda barpo etildi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan mazkur sanoat majmuasi 485 nafar fuqaroni doimiy ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
Loyiha doirasida yiliga 24 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis trubkalari va izolyatsiyalangan mis shinalari ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Bu mahsulotlar sanoat, energetika va qurilish sohalarida keng qo‘llanilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
“Enco Group” kelgusida nafaqat mamlakatimiz ichki bozori ehtiyojlarini qondirish, balki eksport salohiyatini kengaytirish orqali xalqaro bozorlarda ham munosib o‘rin egallashni maqsad qilgan. Zamonaviy texnologiyalar, yuqori sifat standartlari va malakali mutaxassislar mehnati asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar korxonaning raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
Yangi sanoat majmuasining ishga tushirilishi Ohangaron tumanining investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganini, hududda sanoatni rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etdi.









